Sevganimning ismi Sardor. U bilan telefon orqali tanishgandik. Avvaliga munosabatlarimiz do‘stlikdan boshlangandi. Keyinchalik sevgiga aylandi. Men usiz hayotimni tasavvur ham eta olmasdim. Bir kuni o‘qishdan uyga qaytganimda ukam mahallamizda yashaydigan bir yigitdan uyga sovchilar kelishganini aytdi. Meni bu holat tashvishga soldi. Chunki ota-onam sovchilarga rozilik berib yuborishidan qo‘rqardim. Qanday qilib tanimagan, bilmagan va oldin ko‘rmagan insonga turmushga chiqish mumkin, deb o‘ylardim. Lekin men qo‘rqqan narsa sodir bo‘ldi. Ya’ni ota-onam u yigitni ma’qul ko‘rishdi va rozilik berishdi. Men Sardorga nima desam ekan, unga qanday tushuntirsam ekan, deb o‘ylab turganimda Sardorning o‘zi gap boshladi: -Dilnoza, ota-onam meni uylantirmoqchi, senga buni qanday aytishni bilmay ancha vaqt o‘ylab yurdim, ammo aytishga majburman. Ota-onamning ra’yini qaytara olmayman. Yoshligimdan so‘zlaridan chiqmagan insonman va bundan kiyin ham chiqmayman. Agar xafa qilgan bo‘lsam meni kechir! Bir tarafdan undan nafratlanardim, nahot ota-onasining gapi bilan butun hayotini hal qilsa, axir u qiz bilan ota-onasi emas o‘zi turmush quradiku. Bir tarafdan esa shunday bo‘lgani yaxshi bo‘ldi derdim. Chunki boshqa yigitga turmushga chiqayotganimni qanday aytishni bilmay azoblanardim.