O‘ZBEGIM GO‘ZALI, GULG‘UNCHA QIZLAR!
Assalom, Farg‘onam sho‘x gulyuzlari,
Sirdaryoning lobar xushro‘y qizlari.
Ibo-hayolidir mudom o‘zlari,
O‘zbegim go‘zali, jonona qizlar!
Ta’riflashga ojiz, ojiz qalamlar,
Zebo yuz, shirin so‘z bu gulsanamlar.
Yurganda yashnaydi gulzor-chamanlar,
O‘zbegim go‘zali, orasta qizlar!
Yonar shohi atlas, sizga yarashar,
Sizni ko‘rgan ko‘zlar andek qamashar.
Katta-kichik havas ila qarashar,
O‘zbegim go‘zali, pokiza qizlar!
Ota uyni tark etganda yig‘laydi,
Ko‘z yoshlari oqib-oqib tinmaydi.
Ota esa qiziga baxt tilaydi,
O‘zbegim go‘zali, gulchehra qizlar!
Sof qalb, muhabbatga oshino bo‘ling,
O‘z yoringizga chin, vafoli bo‘ling.
Suymaganni suymang, suyganni seving,
Naqadar go‘zaldir, nozanin qizlar!
Qiz bola o‘xshaydi gulu g‘unchaga,
Behudaga chiqmang daydib ko‘chaga.
O‘shanda yoqasiz hamma-hammaga,
O‘zbegim go‘zali, gulg‘uncha qizlar!
Odobda yagonadir, husnda tengsiz,
Husnobodning qizlari tanho mislsiz.
Yomonidan-da yaxshisi ko‘p dersiz,
Husnobod go‘zali, oyjamol qizlar!
Ko‘z tegmasin doim qarashingizga,
Omad qushi qo‘nsin bu boshingizga.
Aslo dog‘ tushirmang o‘z sha’ningizga,
O‘zbek g‘ururisiz, bokira qizlar!
Shioringiz bo‘lsin haqu adolat,
Sizga yotdir afsus ila nadomat.
Chehrangizni chetlamas husn-malohat,
O‘zbegim go‘zali, oqila qizlar!
She’r bitdim sizga deb, dugonam, singlim,
Yoqmasa uzr, mayli, og‘rimas dilim.
Ichimda hech yo‘qdir yashirin sirim,
O‘zbegim go‘zali, shoira qizlar!
Shahnoza
|