Статистика |
XOZIR SAYTDA 2 MEXMON 2 FOYDALANUVCHI 0 |
|
| | |
| Главная » 2009 » Июль » 19 » QABR AZOBI
|
QABR AZOBI
Bir yigit mahzun holda Abdumalik ibn Marvoning huzuriga kelib:
— Ey, amiral mo‘minin, men ulkan gunoh qildim. Endi tavba qilsam bo‘ladimi? — deb so‘radi.
— Nima gunoh qilding? — so‘radi amiral mo‘minin.
— Gunohim juda ulkan, — deya boshini quyi egdi yigit.
— U nima ekan? — deya hayratlandi Abdumalik. — Alloh taologa tavba qil. U zot bandalarining tavbalarini qabul qiladi va kechiradi.
— Ey, amiral mo‘minin, men qabrlarga o‘g‘irlikka tushar edim. Bu ishdan qo‘rqmasdim ham, hatto tavba qilmasdim. Ammo bir kecha g‘aroyib ishlarni ko‘rdim, — dedi yigit.
— Nimalarni ko‘rding? — deya savol berdi amir.
Yigit og‘ir tin oldi-da, so‘ng ko‘rganlarini bir boshdan ayta boshladi:
— Bir kecha bir qabrni kavladim. Qarasam, mayitning yuzi qiblaga teskari bo‘lib qolibdi. Undan qo‘rqib, endi chiqmoqchi bo‘lib turgan edim, shu payt qabrda kimningdir: «Mayitning yuzi nega qiblaga teskari bo‘lib qolganini so‘ramaysanmi?» degan ovozi eshitildi. «Nima uchun teskari bo‘lib qolgan?» deb so‘ragan edim, «Chunki u namozga bee’tibor edi. Unga o‘xshaganlarning jazosi shu», degan javob keldi. So‘ng boshqa qabrni kavladim. Qarasam, murda to‘ng‘izga aylanib, bo‘ynidan kishanlangan, zanjirband qilingan ekan. Undan qo‘rqib, endi chiqmoqchi bo‘lib turgan edim, kimdir: «Uning qanday amal qilganini, nima uchun azoblanayotganini so‘ramaysanmi?» dedi. «Nima uchun?» deya so‘radim, “U tirikligida sharob ichar edi va tavba qilmay vafot etgan», dedi. Keyin boshqa qabrni kavladim. Qarasam, mayit olov qayish bilan yerga bog‘langan va tili gardanidan chiqib turgan ekan. Undan qo‘rqib, endi qaytib chiqmoqchi bo‘lib turganimda yana: «Uning nima uchun bu ahvolga tushganini so‘ramaysanmi?» degan nido keldi. Sababini so‘radim. «U siydikdan saqlanmas va odamlar orasida gap tashib chaqimchilik qilib yurar edi. Unga o‘xshaganlarning jazosi shu”, degan javob keldi. Undan so‘ng boshqa qabrni kavladim. Qarasam, mayit olovda kuyayotgan ekan. Yanada xavotirga tushib, lahaddan chiqmoqchi bo‘lib turgan edim, kimdir: «Uning nima uchun bu ahvolga tushganini so‘ramaysanmi?» dedi. «Nima uchun bu ahvolda?» deb so‘radim, «U namozni tark qilgan edi», dedi. Va nihoyat boshqa qabrga o‘tib, shu oxirgisi deya qabrni kavladim. Qarasam, qabr ko‘z ilg‘aydigan joygacha kengaygan, ko‘zni qamashtiradigan darajada yorug‘, mayit esa ajoyib liboslarda, nurli so‘rida uxlab yotar edi. Uning salobatidan cho‘chib, endi chiqib ketmoqchi bo‘lgan edim, kimdir: «Uning nima uchun bu qadar izzat-ikromga sazovor bo‘lganini so‘ramaysanmi?» dedi. «Nima uchun izzat-ikromga sazovor bo‘ldi?» deb so‘radim, «U itoatli yigit bo‘lib, Alloh azza va jallaga itoat va ibodatda ulg‘aygan edi», dedi. Shu sababdan tavba qilmoqchiman, — deya hikoyasini yakunladi yigit.
Uning gaplaridan o‘yga botgan Abdumalik:
— Albatta, sen so‘zlagan voqeani Tangri taolo boshqa bandalariga ibrat qilish maqsadida ko‘rsatgan. Bu voqeada osiylar uchun ibrat va itoatkor bandalar uchun esa bashorat bordir, — dedi.
Qissadan hissa: Hammasi o‘tkinchi: dunyo, davlat, omad, iztirob... Bir kuni barchasiga yakun yasalib, haqiqiy dunyo sari otlanamiz. To‘rt oyoqli yog‘och ot manzilimizga — lahadga olib boradi. Ortimizdan kimdir zor-zor yig‘lasa, kimdir kuladi. Shundan so‘ng haqiqiy dunyo boshlanadi. Foniy dunyoda qilgan amallarimizga yarasha javob berishni boshlaymiz. Bu dunyoning hoyu havasi ko‘zingizni ko‘r qilib qo‘ygan bo‘lsa, qalban Yaratganga yaqinlashing, astoydil tavba qiling. Iloho, yuqoridagi rivoyatdagi singari qabr azobiga duchor bo‘lishdan asrasin.
|
Категория: ISLOM |
Просмотров: 1998 |
Добавил: JAVOXIR
| Рейтинг: 5.0/2 |
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи. [ Регистрация | Вход ]
| |
|
|