SEVGI RAMZI DAVOMI Biz ularni Romeo va Juletta deb atardik. Ba’zan ularni shunday ataganimizdan afsuslanaman. Chunki ularning biri bugun oramizda yo‘q. Ha, taqdir uni ajal qo‘liga topshirdi. Dugonamni olib ketgan ajal Boburni hayot degan zalvorli yuk ostida qoldirib, tiriklayin o‘ldirdi. To‘ylariga bir oy qolgandi, atigi bir oy. Ne-ne orzulari bor edi ularning. To‘satdan ahvoli og‘irlashgan dugonam Boburga, uning uchun ham yashashi kerakligini, to‘yni to‘xtatmasligini, uylanib baxtli hayot kechirishini, yo‘qsa, rozi bo‘lmasligini, bu so‘nggi iltimosi ekanligini aytib jon berdi.
Bu ayriliqqa hatto osmon yig‘ladi. Dunyo zulmatga cho‘mdi.
Bir oydan so‘ng Bobur o‘zi istamasa-da, dugonamning iltimosini bajardi. Nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi. Dugonam orzu qilgan to‘y bo‘lib o‘tdi. Faqat... Faqat Boburning yonida boshqa qiz o‘tirdi.
Oddiygina, sovuqqina to‘y bo‘ldi. Kelin ham, kuyov ham mahzun, o‘z dardi, o‘z xayoli bilan band edi. Hamma baxt tilayotgan bu bechoralar ayni damda hammadan ham baxtsizroq edilar...
|