QON GURUHI NIMANI ANGLATADI? Bizning qonimiz hislarimizni, xarakterimiz va boshqa jihatlarimizni burjlardan kam belgilamaydi. Psixologlar hamon odamning qon guruhi muhabbat va ehtirosiga sezilarli ta’sir o‘tkazishini takrorlab charchashmaydi.
Birinchi guruh — o‘ziga ishonganlarning qoni.
Bu guruhdagi qon egalari haqiqatan o‘ziga ishongan, sabr-toqatli, maqsad sari astoydil intiladigan odamlar bo‘lishadi. Shunga yarasha o‘zlariga yetguncha dimog‘dor va o‘zlarini haddan ziyod yaxshi ko‘radigan insonlardir.
Birinchi guruh qonga ega bo‘lgan erkaklar hamma narsaga darrov ega bo‘lishni istaydigan, o‘zini maqtab charchamaydigan bo‘lishadi. Agar ayol uning sevgisini rad etsa, qaysarligi tutadi. O‘z maqsadiga yetmaguncha intilaveradi.
Ayollar rashkchi, hissiyotga boy, o‘ta ehtirosli. O‘zlarini begonalar oldida juda yaxshi tuta olishadi. O‘zlari ko‘z ostiga olgan erkakni qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, bosh egishga majbur etish qobiliyatiga ega.
Ikkinchi guruh — yerni sevadigan, mehnatkashlar qoni.
Ular juda intizomli shaxslar. Yaxshi do‘st bo‘la bilishadi. Boshliqlarga itoatli.
Ikkinchi guruh qon erkaklari turmush o‘rtoqlariga mehribon kishilardir. Suyuklisining barcha talablarini so‘zsiz ado etishadi. Bildirib-bildirmay turli sovg‘a-salomlar taqdim etishni xush ko‘rishadi. Lekin xuddi yerga munosabatlaridagidek, qachon sovg‘a berishni, qanday sovg‘a taqdim qilishni yaxshi bilishadi.
Ayollar kamtar. Haddan ortiq bo‘yanishmaydi, kalta yubkalar kiyishni yoqtirishmaydi. Hech qachon birinchi bo‘lib kimgadir sevgi izhor etishmaydi. Hatto, tanish erkakka birinchilardan bo‘lib salom ham berishmaydi. “Axir... U nima deb o‘ylaydi?” degan xayol doimo miyalarida aylanib yuradi.
Uchinchi guruh — og‘ir-bosiq kishilardir. Ular yolg‘izlikdan jazavaga tushishmaydi. Begona muhitga tez ko‘nika olishadi. Hokimiyatga o‘ch emas. Har qanday sharoitdan unumli foydalana bilishadi.
Erkaklar turmush o‘rtog‘i xiyonat qilsa-da, inglizlar kabi jimgina uydan keta oladi. Hech bir ayolning ortidan yalinib chopmaydi. Yoqdimi, tamom, taklif kiritadi. Rad javobi olsa xafa ham bo‘lmaydi. Shunchaki, gapni boshqa mavzuga buradi-qo‘yadi.
Ayollar juda jiddiy, bir so‘zlidirlar. Siz sevgi izhor etsangiz-u, u kipriklari pirpirab yerga boqsa, bu rozi bo‘ldi degani emas. Ular bir umr sizga yaxshi rafiqa bo‘lib yashashlari, shu bilan bir qatorda o‘nlab erkaklarning yaxshi do‘sti bo‘lib qolishlari mumkin.
To‘rtinchi guruh qon egalari — o‘ta sirli va qaysardirlar. Qo‘pol qilib aytganda, basharti u tomonga tank bilan bostirib kelmasangiz, jangga chorlash juda mushkul. To‘rtinchi guruh qon egalari yonib sevishadi, ammo ichki dunyolarini yaxshi bila olishmaydi.
Erkaklar
Ular har qanday ayolni hushdan ketadigan darajada sehrlab qo‘yishga qodir. Bu ishni hech qanday kuch, ayyorlik ishlatmasdan turib amalga oshirishadi. To‘rtinchi guruh qonli erkaklarning to‘riga ayollar o‘zlari sezmagan holda tushib qolishadi. Ammo bu erkaklar o‘zlari sevib qolishsa, ayoldan battar azoblanishadi. Muhabbatlari yo‘lida barcha to‘siqlarni yengib o‘tishga tayyor turishadi.
Ayollar boshqa guruh qoniga egalik qiladigan ayollarga nisbatan o‘n chandon hissiyotga boy va ehtirosli. Tez-tez yolg‘izlikka mubtalo bo‘lib turishadi. Shunday mahallarda o‘zlariga o‘zlari ajoyib sovg‘alar xarid qilib shu bilan ovunishadi. Hayotdan mamnun bo‘laverishadi.
|