“MEN JAZOIMNI OLDIM” Hayotda har bir ishning javobi bo‘ladi. Yaxshilik qilasizmi yoki yomonlik, baribir, javobini olasiz. Ilgari bunday gaplarga loqayd qarardim, endi esa... Talabalik yillarim Nazira ismli bir qizni yoqtirib qolgandim. Avvaliga u bilan shunchaki gaplashib yurdim, keyin uchrasha boshladik. Nazarimda, u har tomonlama uylanishga mos qiz edi. Ammo men unga uylanmadim. Chunki institutni bitirib ishga kirganimdan keyin boshqa qizni yoqtirib, qoldim. Naziraga bo‘lgan tuyg‘ularimdan asar ham qolmadi. Oldiniga istamasam ham uchrashib turdim, lekin keyin unga hammasini ochiq aytishga qaror qildim. U mendan qattiq xafa bo‘ldi (boshqacha munosabatni kutmagandim ham), kuyinib yig‘ladi. Ajab, Naziraning ko‘z yoshlari meni ta’sirlantirmadi. Xayrlashdik. Xayolimni Munojot egallab olgandi. Birdan-bir orzuim unga uylanish edi. U esa, menga parvo qilmasdi. Gaplarimni kulib eshitardi-da, indamay ketardi. Bir kuni chidolmadim, sovchi jo‘-natmoqchiligimni aytdim. Munojot kulib yubordi: — Men sizga jo‘nating, dedimmi? G‘alati ekansiz-ku. Men sizni yoqtirmayman. Sovchi jo‘natsangiz, bekorga ovora bo‘lganingiz qoladi. Ustimdan kimdir sovuq suv quyib yuborgandek bo‘ldi. Munojotga boshqa gapirolmadim. U bu gaplarni kulib, lekin qat’iy ohangda aytdi. Men kuyib qoldim. Xayollarim, orzularim... bir zumda barbod bo‘ldi. Shunda Nazirani esladim. Balki u menga ich-ichidan shunday azobni tilagandir?..
|