Статистика |
XOZIR SAYTDA 6 MEXMON 6 FOYDALANUVCHI 0 |
|
| | |
| Главная » 2009 » Июнь » 15 » QIZIQ
|
ENG OMADLI ODAMLAR
May oyini omadsiz deb ta’riflashadi. Mayda turmush qurish, hatto tug‘ilish ham unchalik muvaffaqiyatli emasmish... Bunday mish-mish qaerdan paydo bo‘lgan — aytish qiyin, lekin ba’zi olimlar bu gapda asos bor-yo‘qligini tekshirib ko‘rishga qaror qilishdi.
Britaniyalik ruhshunos o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, eng omadli odamlar bahorda tug‘ilishi ma’lum bo‘ldi. Bunga sabab shuki, bahorda insonda hissiy ko‘tarilish bo‘ladi, shuning uchun u hayotga ishonch bilan qaraydi. Mashhur shaxslarning tarjimai holini kuzatsangiz, bu xulosa to‘g‘riligiga o‘zingiz ham guvoh bo‘lasiz.
Jorj Kluni 1961 yil 6 mayda Leksingtonda tug‘ilgan. Otasi teleyulduz bo‘lgani uchun Jorj besh yoshidayoq ekranda paydo bo‘ldi. Ota-onasi unga aktyor bo‘lmaslikni maslahat bersa-da, Kluni o‘z bilganidan qolmadi va muvaffaqiyat qozondi. “Shomdan tonggacha”, “Betmen”, “Oushenning o‘n bir do‘sti” uni yulduzga aylantirdi. Mishel Pfayfer va Sindi Krouford bilan ishqiy aloqasi esa uning shuhratini yanada oshirdi. Jorjning g‘alati xususiyati bor — Maks laqabli cho‘chqani yaxshi ko‘radi. Shunday esa-da, Jorjga turmushga chiqishni istagan ayollar anchagina!
Odri Xepbern — sirlilik va joziba uyg‘unlashgan aktrisalardan biri. Uning nigohlari tubida iztirob yashiringandek edi... Ingliz bankir hamda gollandiyalik baronessaning qizi Odri 1929 yil 4 mayda Belgiyada tug‘ilgan.
Urush, ota-onasining ajrashishi Odrini erta ulg‘ayishga va tirikchilik haqida o‘ylashga majbur qildi. Onasi va o‘zi “oqsuyaklar”dan ekanini unutib, balet maktabiga to‘lashga pul topish uchun rosa ter to‘kishi kerak edi. Ammo u balerina bo‘lmadi: Gollivud uni buyuk aktrisaga aylantirdi, “Rim ta’tillari” va “Sabrina” filmidagi rollari esa uni birinchi darajali yulduz darajasiga ko‘tardi.
15 mayda esa “Usta va Margarita” asarining muallifi Mixail Afanasevich Bulgakov tavallud topgan. Adib 1881 yil Kievda tug‘ilgan. Kiev tibbiyot universitetini bitirgach, mahalliy vrach sifatida faoliyat boshladi. Lekin ko‘p o‘tmay ishdan hafsalasi pir bo‘ldi. Bulgakov tarjimai holini aytib o‘tirishga hojat yo‘q. Uni maktabda darsliklarda o‘qishadi. “Usta va Margarita”ni esa hozir bolalar o‘qimaydi, balki DVDda ko‘radi.
“Nima uchun men yuz yil avval tug‘ilmadim? — deb yozgandi Bulgakov. — Undan ham yaxshisi: yuz yildan so‘ng? Umuman, tug‘ilmaganim yaxshiroq edi. Bir yilda shuncha narsa ko‘rdimki, Mayn Ridga o‘nta jildga yetgan bo‘lardi. Ammo men Mayn Rid ham, Bussenar ham emasman. Men sarguzashtlardan to‘yganman”.
Afsuski, Bulgakov g‘ariblikda o‘lib ketdi, romani bu qadar katta muvaffaqiyatga erishganini ko‘rolmadi ham...
1920 yil 18 mayda polshalik ishchilar oilasida keyinchalik Ioann Pavel II nomi bilan mashhur bo‘lgan Karol Voytila tug‘ildi. U 1953 yildan beri birinchi noitaliyalik Rim papasi edi. Papa faqat ruhoniy emas, balki shoir, dramaturg ham edi. 1978 yil 16 oktyabrda Rim katolik cherkovining rahbari bo‘ldi.
Parkinson kasali bilan og‘riganiga qaramay, papa safarda ko‘p bo‘ldi, odamlar bilan uchrashdi. Uning o‘limi katoliklarni birlashtirdi. Polsha uchun u milliy qahramonga aylangan.
1946 yil 19 mayda yana bir qahramon — Mikele Plachido tug‘ilgan. Italiyalik kinoaktyorni biz komissar Kattani (“Sprut”) roli orqali yaxshi bilamiz. Komissar Kattani roli bilan mashhurlikka erishgan Mikele aslida “Sprut”gacha ancha kartinalarda (“Xalq romani”, “Xudoyim, qanchalik past ketdim!”, “Ilohiy mavjudot”, “Ernesto”) suratga tushgan.
Uch farzand tug‘ib bergan xotini — aktrisa Simonetta Stefanelli bilan ajrashgandan so‘ng Mikele juda sirli bo‘lib qolgan. Ajralishga sabab aktyorning noqonuniy o‘g‘li bilan bog‘liq janjal bo‘ldi. Qarib qolgan aktyor “Osmondan yergacha” serialida ruhoniy rolini o‘ynadi.
22 mayda amerikalik model Naomi Kembell 36 yoshga to‘ldi. “Podiumning qora farishtasi” o‘zining qiziqqonligi bilan mashhur. Sobiq oshiqlar undan uzoqroq yurishga harakat qilishadi.
“Mening bolalikdan paydo bo‘lgan muammolarim ko‘p. Men anchagacha otam kimligini bilmaganman, onamni kam ko‘rardim, hozirgi qahrim — ichki muammolarim: yolg‘izlik, ishonchsizlik hissi natijasi. Afsuski, qahrim ko‘pincha keraksiz paytda namoyon bo‘ladi”, deb tushuntiradi Naomi. Shaxsiy hayotda Naomining omadi kulmay turibdi.
1859 yil 22 mayda mashhur yozuvchi Artur Konan Doyl tug‘ilgan. Uning Sherlok Xolms haqidagi hikoyalarini bolalikda kim o‘qimagan? Konan Doylning “Yo‘qolgan dunyo”, “Zaharlangan belbog‘” kabi asarlari ham izquvar haqidagi hikoyalardan kam shuhrat qozonmadi. Biroq baribir u Sherlok Xolmsning “otasi” bo‘lib qoldi.
|
Категория: Психология |
Просмотров: 3523 |
Добавил: JAVOXIR
| Рейтинг: 1.0/1 |
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи. [ Регистрация | Вход ]
| |
|
|