Sogdiana Sogdiana 1984 yil 17 fevral kuni Toshkentda tavallud topgan. Sogdiana juda ham yoshligidan turli xil bolalar tadbirlarida, bayramlarda faol ishtirok etardi. 1991 yil Glier nomli maxsus musiqa maktabiga o’qishga kirdi. U yerda fortepiano yo’nalishi bo’yicha tahsil oldi. Katta pioninochi bo’lib yetishishiga ishonch bor edi. Hatto turli xil tadbirlarda ishtirok etib, laureat ham bo’lgan. 1996 yili Uspenskiy nomidagi musiqa maktabiga o’qishga kirib, u yerda ham fortepiano bo’yicha dars oldi. Aynan mana shu yili Sogdianada estrada san’atiga ham qiziqish uyg’ondi. 1998 yildan buyon Dilorom Omonullaeva ustozligida vokal bo’yicha dars ola boshladi. Sogdiana yakkaxon ijodini boshlashidan avval “Skitles” nomli qizlar guruhida qo’shiq kuylab yurdi. “Skitles” guruhida 7 nafar qiz faoliyat yuritardi. Biroq bu guruh atigi bir necha haftagina ijod qildi xolos. So’ng yarim yil “Virtek” nomli duet guruhida ijod qildi. Oradan biroz vaqt o’tgach guruhning bir vakili sahnani bir umrga tark etishini ma’lum qilgach, Sogdiana endilikda yakkaxon kuylashi lozimligini angladi. Yakkaxon ijod qilish avvaliga Sogdianani ancha qiynadi. Bugungi murakkab estrada olamida o’z o’rnini topib olish – bu menimcha eng qiyin vazifa! Eng asosiy yo’l esa avvaliga repertuarga to’g’ri qo’shiq tanlash, aktyorlik mahoratini oshirish va sahna harakatlarini o’rganish edi… 2001 yil O’zbekiston Milliy Konservatoriyasiga, estrada fakultetiga o’qishga kirdi. Shuningdek, Sogdiana ko’plab turli tadbir va festivallarda ishtirok etdi. Bu kabi festival va tadbirlar ijodiy parvozlarga ilhom bag’ishlab, san’atkorni kuchli va irodali bo’lishiga yordam beradi, o’ziga bo’lgan ishonchni yanada ortishiga sababchi bo’ladi. Shu yili “Mening ko’nglim” nomli, 13ta qo’shiqdan iborat “Mening ko’nglim” nomli ilk albomi ham sotuvga chiqdi. Aslida barchasi 1997 yil boshlangan edi. O’shanda Sogdiana yurtimizda o’ziga xos mavqega ega bo’lgan “Poyte s nami” (“Biz bilan kuylang”) televizion tanlovida ikki bor ishtirok etgan edi. Birinchi ishtiroki yuqorida aytganimizdek, 1997 yil bo’lgan edi, o’shanda Sogdiana atigi 13 yoshda edi (tanlovda esa 16 yoshdan kattalar ishtirok etishga haqli), bo’ylari uzungina, qaddi-qomati kelishgan qiz bo’lganligi uchun ham 16 yoshli qiz sifatida ishtirok etgan… Ikkinchi ishtirokida 16 yoshga to’lgan edi va fahrli ikkinchi o’rinni zabt etdi. Keyin esa professional tanlovlarda ishtirok eta boshladi: “Sado- 99” tanlovida birinchi o’rinni; “Aziz ona yurtim navolari” tanlovida ikkinchi o’rinni (birinchi o’rin hech kimga nasib etmagan); “O’zbekiston – bizning umumiy uyimiz” festivalida “Eng yaxshi ovoz sohibasi” yo’nalishida g’oliblikni qo’lga kiritgan. Shundan so’ng 2003 yil Sankt-Peterburg shahriga xalqaro festivalda ishtirok etish uchun yo’l oldi. Birinchi bor xalqaro festivalda ishtirok etganligi bois juda ham hayajonlanib, qo’rquvdan o’zini yoqotib qo’yishiga oz qoldi. Ammo u yerda ham laureat bo’lib qaytish Sogdiananing navbatdagi katta yutug’i edi. Mazkur tanlovda g’oliblikni qo’lga kiritish uchun uning “Ishon” va “Hero” nomli mualliflik qo’shiqlari yordam berganini alohida ta’kidlab o’tish o’rinli. Sogdiana o’zining ilk qo’shig’ini 4 yoshligida yozganligi ko’pchilikni hayratga solishi tabiiy. Ushbu qo’shiq o’zining jajji kuchukchasiga atab kuylangan edi. Umuman jonivorlarni (asosan kuchukchalarni) xush ko’ruvchi Sogdianani qo’shiq so’zlari ta’sirlantirib, mazkur qo’shiqni yaralishiga sabab bo’lgan bo’lsa ajab emas. 2003 yil O’zbekiston respublikasi prezidenti Islom Karimov tomonidan ta’sis etilgan “Nihol” (eslatib o’tamiz mazkur mukofot faqatgina 30 yoshgacha bo’lgan ijodkorlarga taqdim etiladi) mukofotini qo’lga kiritdi. Bu nufuzli mukofot uni yanada ijodga jiddiy yondashishiga sababchi bo’ldi. 2005 yil Sogdiana Bolgariyaning Varna shahriga XIV xalqaro pop-musiqasi festivaliga yo’l oldi. Mana shu nufuzli festivalda ham eng yaxshi ijro uchun ikkinchi o’rinni qo’lga kiritdi (uchinchi o’rin maltaliklarga, birinchi o’rin esa italiyalik xonandalarga nasib etdi). Darvoqe, agarda italiyalik yana ozgina bal yig’a olganda gran-pri sovrindoriga aylanardi, Sogdianaga esa birinchi o’rin tegardi… Shuni o’zi ham katta yutuq shunday emasmi? Ha aytgancha, Sogdiananing iste’dodiga tan bergan prodyuser va hay’at a’zolari sevimli xonandamizni Makedoniyaga “Eurofest” festivaliga taklif qilishganliklari ham buni isboti bo’la oladi. Ushbu festival turli xil Evropa festivallari va tanlovlarida g’oliblari festivali sanaladi (ahamiyat bering-a, italiyalik burnini tishlab qoldi)… 2005 yili Bakalavr kurslarini tamomlab, shu zahotiyoq eng katta ballar bilan O’zbekiston Milliy Konservatoriyasini Magistraturasiga o’qishga kirdi. Sogdiana uchun 2005 yil juda katta yutuqlar olib keldi. Jumladan, noyabr oyida Italiyaning Solerno shahrida o'tkazilgan "Canzoni dal mondo" xalqaro pop musiqasi festivalida ishtirok etib, bir emas naqd ikki yo'nalish bo'yicha g'oliblikni qo'lga kiritdi. Ya'ni, biri "Festivalning eng yaxshi xonandasi" yo'nalishida bo'lsa, ikkinchisi "Eng yaxshi aranjirovka" ("Yurak mahzun" qo'shig'i uchun, Ravil Gimazutdinov aranjirovkasi) yo'nalishida tengsiz deb topildi. "Ovora bo'lma", "Netay", "Yurak mahzun" qo'shiqlariga ishlangan kliplari ham muxlislar tomonidan iliq kutib olindi. Sogdiananing chiroyli tabassumi, xushchaqchaqligi va yulduzlik kasalligidan yiroqligi uning eng asosiy yutug'idir.
|