Men o‘z kitobimni savdo markazida qoldirdim. O‘n daqiqa o‘tar-o‘tmay men qo‘ygan kitobga o‘z ota-onasi bilan peshtaxta yoniga yaqinlashgan bolakayning ko‘zi tushdi. Bola qiziqish bilan kitobning ichki muqovasidagi e’lonni o‘qidi va uni ota-onasiga ko‘rsatdi. Daqiqalik muhokamadan so‘ng ular yelka qisgancha kitobni olib ketishdi.Shunday qilib Abdulla Qodiriyning "O‘tgan kunlar” asari yana bir o‘zi, yolg‘izgina o‘rindiqda turibdi…
Xo‘sh, bu gaplar nimani anglatadi, bu bilan nima demoqchisiz, deb o‘ylanayotgan bo‘lishingiz tabiiy. Bugun sizga dunyo bo‘ylab sayohat qiluvchi kitoblar haqida hikoya qilmoqchimiz.
Bukkrossing (inglizcha «book crossing» — «kitob sayohati») deb ataluvchi bu g‘oyaga 2001 yili internet-texnologiyalar mutaxassisi Ron Xornbeker asos soldi. Bir kuni u o‘z xonasini tartibga keltirayotib, kitoblari juda ham ko‘payib ketganini sezadi va birtalay kitoblarning ichki muqovasiga har xil tilaklar yozib ularni uyi yaqinidagi qahvaxonalarga olib borib tashlaydi. Eng qizig‘i, Ron kitobni topgan odamdan o‘z saytiga uni olganligi haqida ma’lumot yuborishini so‘raydi. Roppa-rosa yarim yil o‘tgach, Ronning saytiga uch yuzdan ziyod odam uning g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashi haqida ma’lumot yo‘lladi. Shu tariqa ikki yil o‘tib, bukkrossing butunboshli Amerika va Yevropaga tarqaldi (Loyihaning ommaviylashuvi sayt reklamasidan yaxshigina daromad ko‘rayotgan bukkrossing asoschisiga ish joyidan bo‘shab, uyda farzandlari tarbiyasi bilan shug‘ullanish imkonini berdi. O‘z omadidan quvongan Ron unda kitobga nisbatan muhabbat uyg‘otgan ota-onasi va o‘qituvchilaridan minnatdor).
Ayni damda uning sayti "Dunyo kutubxonasi” degan nom bilan mashhur bo‘ldi. Bu g‘oya o‘quvchi ruxsatnomasi, a’zolik badali va jarima kabi mashmashalar yo‘qligi bilan ham ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi. Bugun dunyo bo‘yicha 400 ming atrofida bukkrosserlar mavjud bo‘lib (130 mamlakatdan), ular tomonidan sayohatga chiqarilgan kitoblar soni bir millionga yaqinlashib qoldi.
Shunday qilib, bukkrossingchilik qoidalari juda oddiy, uni siz ham amalda sinab ko‘rishingiz mumkin. Siz o‘zingiz va kitobingiz haqidagi ma’lumotlarni www.bookrossing.ru yoki www.bookcrossing.com sayti ro‘yxatiga kiritasiz. So‘ng kitob muqovasiga o‘z ko‘rsatmalaringizni yozib, uni biror yerda qoldirasiz. Topgan odam siz ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqqa asoslanib, saytga kiradi va kitobni olgani haqida ma’lumot beradi. Agar hammasi yaxshi bo‘lsa, demoqchimizki, kitobingiz axlat qutisiga itqitilmasa, u butun dunyoni kezib chiqishi tayin. Bukkrossingning boshqa tomonlari ham bor, ya’ni kitobni "ov” qilish mumkin. Buning uchun saytda payt poylashingiz, kitob qo‘yib yuborilgan zahoti aytilgan joyga borib, uni qo‘lga kiritishingiz mumkin. Asosiysi, birinchi bo‘lib ko‘rsatilgan joyda hozir bo‘lsangiz bas. Shunisi borki, kitob qorovul yoki farroshlarning axlat qutisiga tushib qolmasidan uni qo‘lga kiritishingiz kerak. Masalan, o‘tgan yili dunyo bo‘yicha sayohatga chiqarilgan 1000 ta kitobdan atigi 123 tasi qo‘lma-qo‘l bo‘lgan. Bu yil may oyida esa 111 ta kitobdan 9 tasigina axlat qutisidan omon qolgan. Shu bois ham bir qancha shaharlarda maxsus krosserlik joylari tayin etilgan bo‘lib, kitob do‘konlari, qahvaxona, klublarda atayin kitob qoldirish uchun javonlar yasab qo‘yildi.
Krosserlikning endilikda yangicha ko‘rinishlari ham «amaliyotga joriy» etilish arafasida. Tinib-tinchimagan odamlar endi kitoblardan tashqari surat, kartinalar to‘plami, filmlar va hatto pardoz buyumlarini ham "dunyo ko‘rishi”ni istashyapti.
Dunyo — bu kutubxona *Italiyada bukkrossingchilik hatto davlat rahbariyati nazariga tushgan. Fransiya mahalliy hokimiyat organlari esa shahar bozorlari va tumanlarda sayohat qilayotgan 4000 ta kitobning egalaridir. *Fransiyada bu harakatni nashriyotlar ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Ularning yordami bilan 2003 yil martida Parij bo‘ylab 2000 ta kitob sayohat qildi. 2005 yilda esa "11 sentyabr. O‘zingizning shoirona, yaxshi ma’nodagi teraktingizni amalga oshiring” shiori ostidagi tadbir uyushtirildi. Unga ko‘ra uydan kitob bilan chiqib (o‘z dastxatingizni qo‘ygan holda, albatta) kitobni biror joyda (xuddi terroristlar bomba qo‘yib ketganidek) qoldirib ketish kerak edi. *AQShda bukkrosserlar soni 100 mingdan ortib ketdi. Amerikaliklar hatto krossingning mashhur namoyondalari ramzi tushirilgan suvenirlarni sotuvga chiqarib, mo‘may daromad ham qilishmoqda. *Buyuk Britaniyada "kitob ovi” davlat himoyasida bo‘lib, "bukkrossing” atamasi 2004 yilda Oksford lug‘atiga ham kiritildi. *Yevropalik bukkrosserlarga yordam tariqasida Bi-bi-sida radiodastur yaratildi. Bir qancha supermarket va do‘konlarda esa sayohatchi-kitoblar uchun maxsus javonlar yasaldi. *Moskva, Rostov, Ufa va Sankt Peterburgda kitoblar uchun xavfsiz joylar do‘kon va qahvaxonalarda tashkillashtirildi. Bukkrossingchilik paydo bo‘lgach, o‘tgan besh yil vaqt mobaynida uning yangicha ko‘rinishlari ham yuzaga keldi: *Bukrey (bookrey) pochta orqali sayohat. Kitob aniq manzil va muayyan bir shaxsga pochta orqali yuboriladi. Shu tariqa u qo‘lma-qo‘l bo‘ladi. *Bukring (bookring) kitob pochta orqali aniq shaxsga yuboriladi, o‘qib bo‘lingach esa u yana egasiga qaytariladi. *Kitoblar hech kim bilmaydigan joyga xuddi xazina ko‘mgandek berkitib qo‘yiladi.
Bukkrossing: qo‘llash tartibi Kitoblaringiz uyingizga sig‘may ketganida ularni shunchaki tashlab yuborishdan ko‘ra, dunyo bo‘ylab sayohatga chiqarganingiz, albatta, yaxshi, shundaymi? Axir sizga kerak bo‘lmagan kitob ayni damda kimgadir juda asqotishi mumkin-ku! Bunday savobli ishni amalga oshirish uchun quyidagi bosqichlar muhim hisoblanadi:
Tanlash bosqichi Hech qachon o‘zingiz uchun zerikarli bo‘lgan ertak yoki romanni sayohatga chiqarmang. Savob qilsang oxirigacha qilgin, deganlaridek, eng sevimli kitoblaringizdan birini odamlarga hadya qiling, shundagina dunyo bo‘ylab safarga otlangan kitobingizning odamlarga nafi tegishi mumkin.
Tayyorgarlik jarayoni Kitobni saytda ro‘yxatdan o‘tkazish, uni qaerga qo‘yganingizni yozish va kitobning bo‘lajak o‘quvchisiga tilak bitish uchun jami 10 daqiqa vaqtingiz sarf bo‘ladi. Qarabsizki, siz savobtalab krossersiz!
Qayerda qoldirish mumkin? Bizning sharoitda kitobni xiyobondagi o‘rindiq yoki umuman ko‘chada qoldirish noto‘g‘ri. Qor, yomg‘ir va yana boshqa sabablar degandaridek… Albatta bukkrossing uchun maxsus joy bizda hali yo‘q — bu ham muammo. Lekin qahvaxona, savdo markazlari, odamlar bir-birini soatlab kutib o‘tiradigan qabulxona va vokzal atalmish joylar borki, bu yerlarda qoldirilgan kitobning insonlarga yetib borish ehtimoli ko‘proq.
Qanday qilib? Chuchvarani xom sanabmiz, axir xavfsizlik nuqtai nazaridan vokzalda buyum qoldirish mumkin emas-ku! Yana bukkrosser bo‘laman deb, boshingiz baloga qolib o‘tirmasin!
Eng oddiy yo‘li dugonangiz bilan qahvaxonadagi tushlik bahona u yerda kitobni qoldiring. yo bo‘lmasa savdo markazidagilar ham "O‘tgan kunlar”ni tashlab ketsangiz, sizni qamoqqa tiqib qo‘yishmas…
Umuman olganda, bukkrossingchilik o‘zining oddiy va kamtaronaligi, yosh va daraja tanlamasligi bilan ham qulay degan to‘xtamga keldik. Bu soha (agar uni soha deb atash mumkin bo‘lsa)ning taraqqiy etishi odamlarda kitobga nisbatan mehr uyg‘otishning yaxshigina usuli, desak, adashmagan bo‘lamiz. Faqat "kitob o‘g‘irlash savob” degan naqlga amal qilib, uni "sayohat”dan to‘xtatib qolmasak bo‘lgani. Axir kitob o‘g‘irlashdan ko‘ra uni vijdonan odamlarning bilim olishi uchun biror yerda qoldirgan ma’qul-ku, shunday emasmi?