Kichik xizmatchi devonxonadan chiqib imperatorning hashamatli saroyiga qarab: «Eh, qani edi qirol oilasida tug'ilsam-u, hayot juda ham oson kechsa...», — deb o'ylaydi. So'ng, u shahar markaziga qarab yo'l oladi. U yerdan bolg'aning taraq-turuqi va boshqa shovqinlar eshitilar edi. Bu yerda ishchilar bosh maydonda yangi bino qurayotgan edilar. Ulardan biri qog'ozlarini ko'tarib olgan xizmatchini ko'rib: «Eh, nega men otam aytganidek, o'qishni davom ettirmadim, kun bo'yi yozuv-chizuv bilan shug'ullanib, o'zimni qiynamas edim, hayot naqadar oson kechar edi...», — deb o'ylaydi. Bu paytda imperator o'zining saroyidagi katta derazani oldiga kelib, maydonga qaraydi. U ishchilarni, xizmatchilarni, sotuvchilarni, xaridorlarni, bolalarni va kattalarni ko'rib, kun bo'yi toza havoda bo'lib, jismoniy mehnat bilan shug'ullanish naqadar maroqli ekanligi, yoki umuman ko'cha daydisi bo'lib, siyosat va boshqa qiyin ishlar bilan shug'ullanmaslik qanday yaxshi ekanligi haqida o'ylaydi. — Shu odamlarning hayoti naqadar oson-a, — eshitilar-eshitilmas deydi u.
|