Kiyik och qolmaslik uchun ko’kat yeydi. Amma bir-birini o’ldirmaydi. Sher och qolmaslik uchun kiyikni yeydi. Ammo bir-birini o’ldirmaydi. Odam ko’katni ham yeydi. Kiyikni ham yeydi. Ko’ngil hushi uchun sherni ham o’ldiradi… Keyin.. urush qilib, bir-birining boshini yeydi… Darvinga e’tiroz Darvin ta’limoti noto’g’ri. Odam maymundan emas, maymun odamdan tarqagan. Oyog’i yerdan uzilmaganlar odam bo’lib qolgan. Oyog’I yerdan uzilganlar esa maymun bo’lib daraxtga chiqib ketgan… Bu jarayon hamon davom etmoqda… Eng aqlli jonivor Dunyoda eng aqlli jonivor-baliq! Birinchidan, soqov. Ikkinchidan, muttasil dumini likillatadi! Haqiqat Shu qadar shirinki, totib ko’rging keladi. Shu qadar achchiqki, tilingni kuydiradi! Qaldirg’och E’tibor berganmisiz: qaldirg’ochlar fayzsiz, noahil xonadonga hech qachon in qurmaydi. Goho qaldirg’och odamdan aqlliroqmikin, deb o’ylab qolaman. Atlantika okeani ustida Tepada bir ummon, pastda bir ummon, Ikki dengiz aro kechar lahzalar. Xayolga tolaman: men o’zi kimman? Ojiz va notavon zarra… alhazar! Oshkoralik Oshkoralik shunday daraxtki, uning mevasini eng avval chinqiroq maymunlar yeydi. Xavfli odam Yaxshigayam, yomongayam birdek yaxshi ko’rinishga urinadigan odam eng xavfli odamdir! Inson va shayton Ba’zilarga hayron qolasiz. Qilg’ilikni qilib qo’yadi-da, “bilmay qoldim, shayton yo’ldanurdi”, deydi... To’g’ri, odamzot qonida shayton vasvasasi aylanib yurishi-bor gap. Ammo.. Shunaqangi erkaklar borki, qirqta urg’ochi shaytonni bolalatib tashlaydi. Shunaqangi ayollar borki, qirqta erkak shaytonni aliment to’laydigan qilib qo’yadi... Hamma aybni shayton sho’rlikka to’nkayvermang! Ayol qalbi Ayol qalbi teskari magnitga o’xshaydi: yaqinlashsang-uzoqlashadi, uzoqlashsang-yaqinlashadi. Hushyor bo’ling Ayol sizni juda qattiq sevsa, hushyor bo’ling. Otashin muhabbat-rashkka, rashk- shubhaga, shubha-xudbinlikka, xudbinlik-dushmanlikka aylanishi mumkin. Go’dak isi Ayol go’dak isini birinchi farzandi tug’ilganidayoq his etadi. Erkak esa go’dak isi nimaligini nevarali bo’lganidan keyin anglaydi!... Biz-erkaklar doim kechikib yuramiz… Otalar va bolalar U oddiy odam edi. Hammolchilik qilardi. To’rt qiz, uch o’g’ilni oyoqqa turg’azdi. O’g’illarini uylantirdi. Qizlarini chiqardi. Hammasini uyli-joyli qildi. Ko’z yumayotganida “hammalaringdan mingdan-ming roziman”, dedi... Qarashsa, kafanligi yo’q ekan… Gumroh bandalar Odamlarga hayronsan. Ota-onasi tirikligida ikki og’iz shirin so’zni tekinga aytmaydi-da, ular o’lganidan keyin ming-ming pul sarflab, o’sha so’zlarni qabrtoshga yozdirib qo’yadi... Kulgi va yig’i Kulishni bilmaydigan odam-baxtsiz odam. Yig’lashni bilmaydigan odam esa ikki hissa baxtsiz! Asl aynimas Sopol tovog’ing sinsa, dod sol: kesakka aylanadi. Tilla idishing sinsa, parvo qilma: bahosi tushmaydi! Yuk ko’targan... “Yuk ko’targan odam yuzaga chiqadi”, deydilar... Chiqadi. Albatta chiqadi! Faqat yuk ko’targanni ko’tarib yuboradigan Qo’l bo’lsa bas! Baxtli va baxtsiz Baxtli odam xudbin bo’ladi: baxtsizlarga achinmaydi. Baxtsiz odam ham xudbin bo’ladi: baxtlilarga g’ayirligi keladi. Da’vo Donolik bilan nodonlik shu qadar yaqinki, odam donolikni qancha ko’p da’vo qilsa, shuncha nodon bo’ladi! “Bilimdon” “ Ayol qavmini ipidan ignasigacha bilaman”, deysizmi? O-o-o, siz daho ekansiz! Aytingchi, sharqdan sekundiga besh-yetti metr tezlikda esayotgan shamol o’n daqiqadan keyin shimolga buriladimi, janubgami? Yarim soatdan keyin izg’iringa aylanadimi, bo’rongami?... Xudoning qudrati Tabiat shunaqangi qudratliki, hohlasa, gulshanning qoq o’rtasida sassiq alaf o’stiradi. Hohlasa, botqoqning qoq o’rtasida nilufarni gullatib qo’yadi... Laylak Ona yosh edi. Ona navjuvon edi. Bola g’or edi, bola go’dak edi... Kunlarning birida ona-bola qishloqqa –uzoq qarindoshlarinikiga boradigan bo’lishdi. Ona qaddini g’oz tutib, tez-tez yurib borar, bola esa alang-jalang qilib atrofdagi manzaralarni tomosha qilar edi. Qishloq guzarida yarmini yashin uchirib ketgan bahaybat chinor bor ekan. Bola daraxtni ko’rib angrayibqoldi: chinorning tarvaqaylab o’sgan shoxida supradek kattakon uya qorayib ko’rinar, uyada esa oyog’i, tumshug’i uzun bir qush turar edi. Bola mo’jiza ko’rgandek taqqa to’xtab qoldi. - Anavi nima, oyi?- dedi o’sha tomondan ko’z uzmay. -Laylak, o’g’lim, laylak!- ona o’g’lining boshini silab qo’ydi. – Yura qol, jonim. Bola hech qachon bunaqa qushni ko’rmagan edi. Qush negadir bir oyoqlab turardi. U yana to’xtab qoldi. -Nima u, oyi? –dedi tag’in chinor uchiga ko’z tikib. -Laylak, o’g’lim, laylak. - Nimaga bir oyoqda turibdi? Ona kuldi: - Bir oyog’i charchagandir-da. Yura qol, jonim. Bola hech qachon bunaqa qushni ko’rmagan edi. Qush negadir bo’ynini cho’zib tumshug’ini osmonga qaratib silkitar, shunda “tarak-tarak” degan ovoz eshitilardi. Bola tag’in to’xtab qoldi. - Nima o’zi u, oyi? Uning ko’zlarida quvonch bor edi. Hayrat bor edi. Ona shoshib turardi. Mingta yumushi bor edi. Hali shaharga qaytishi kerak. -Laylak dedim-ku, jinnivoy,- deb ohista egilib, o’g’lining yuzidan o’pdi. – senga salom beryapti-da. Ona yosh edi. Ona navjuvon edi. ... Oradan o’ttiz besh yil o’tdi. Bola yigit bo’ldi. Ona keksayib qoldi. Oyog’idan mador, ko’zidan nur ketdi. Kunlardan birida ona-bola ittifoqo yana o’sha qishloqqa borib qoldilar. Yigit qaddini g’oz tutib tez-tez yurib borar, ona esa toliqqan oyoqlarini, og’ir-og’ir ko’tarib bosgancha harsillab kelardi. Guzardagi yarmini yashin uchirib ketgan chinor hali ham bor ekan. Buni qarangki, chinorning tarvaqaylab o’sgan shoxida hamon supradek kattakon uya qorayib ko’rinar, uyada esa oyog’I, tumshug’i uzun laylak turardi. Yigit laylakka bir qarab qo’ydi-yu qadamini tezlatdi. Orqada kelayotgan ona nursizlanib qolgan ko’zlarini chinorga, chinor shoxida qorayib turgan uyaga tikdi. Shoxda osilib turgan narsa ko’ziga g’alati ko’rindi. - Anavi nima, o’g’lim? – dedi to’xtab. -Laylak, oyi, laylak! Ona yaxshi eshitmadi. Uch-to’rt qadam yurib yana to’xtab qoldi. Savatdek narsa ichida bir nima oqarib ko’rinyapti. Qiziq... -Nima, o’g’lim? – dedi ko’zlarini pirpiratib. O’gil taqqa to’xtadi. G’ashi keldi. O’zi shoshib turibdi: mingta ishi bor! Odam qariganidan keyin ezma bo’lib qolarkan-da! -Laylak! –dedi jerkib. –Laylak deyapman-ku, karmisiz! Shunday dedi-yu, jahl bilan tez-tez yurib ketdi. Nachora, yigit yosh, yigit navqiron. Uning yumushi ko’p. hali shaharga qaytishi kerak… Uning yumushi ko’p. hali shaharga qaytishi kerak… Uning g’or, go’dak bolalari bor… Tarix “xatosi” To’qqizinchi asr. Muhammad al- Xorazmiy algebra faniga asos soldi. O’ninchi asr. Abu Nasr Forobiy Aristotelning “Metafizika” asariga ehg mukammal sharh yozib, “ikkinchi ustoz” unvonini oldi. On birinchi asr. Abu Rayhon Beruniy Yer bilan Oy o’rtasidagi masofani o’lchadi. Ibn Sino medetsina Qomusi- “Tib qonunlari” ni yaratdi. O’n to’rtinchi asr. Sohibqiron Amir Temur Yevroosiyoning yarmini tasarrufga oldi. Ahli ilm boshini silab, o’lmas obidalar yaratdi. O’n beshinchi asr. Ulug’bek 1019 yulduzning harakat jadvalini tuzdi. Alisher Navoiy o’lmas “Xamsa” sini yozdi. O’n oltinchi asr. “Boburnoma” olamga tarqaldi. O’n yettinchi asr. Shoh- Jahon dunyodagi yeti mo’jizaning biri- “Tojmahal” ni bunyod etdi. Yigirmanchi asr. O’zbek-sovet olimlari misli ko’rilmagan “ixtiro” qildilar: tarix “xato” sini tuzatib, o’tmishda biz yoppasiga “savodsiz” bo’lganimizni isbotlab berdilar… Umr Tanishdilar… Sevishdilar… Turmush qurdilar… Farzand ko’rdilar… To’ng’ichi nimjonroq edi. Kasal bo’lib, ko’p kuydirdi… O’rtanchasi o’yinqaroq edi… Qamalib chiqdi… Kenjasi qiz edi… Erkaroq o’sdi. Turmushi buzildi… Bir kuni erkak kechasi uyg’onib ketdi. Uzoq o’y o’ylab yotdi. Qarasa, ayoli ham uyg’oq ekan. - Onasi,- dedi. - - Dunyoga kelib nima ko’rdik o’zi? - Bilmasam, - dedi ayoli xo’rsinib… ..Bobotoqqa borganimda qurib qolgan ikkita daraxtniko’rgandim. Ikkalasi bir-biriga suyani-i-ib turardi... Kuchsizniki-kuchli Kuchli odamning g’azabidan qo’rqmang. Ojiznikidan qo’rqing! Kuchli to’ksa, o’z g’azabini to’kadi. Ojiz esa o’z g’azabi bilanbirga o’zgalardan ko’rgan sitamini ham qo’shib sochadi... Tarnov Erta bahor edi. Hordiq kuni edi. Kech turdim. Hovliga tushsam, havoning avzoyi buzuq. Yuvunib chiqib qarasam, tunuka tom peshidagi tarnov bir tomonga qiyshayib yotibdi. Qishda yoqqan qor zalvoridan qiyshayib qolgan shekilli… Qatiqroq shamol bo’lsa, tushib ketadigan… Yo’lakda yotgan narvonni ko’tarib kelib tomga tiraguncha tinkam quridi, zax tortib, zildek bo’p ketibdi. Narvon zinasiga oyoq qo’yishim bilan ayvondan onam tushib keldi. - Nima qilmoqchisan?- dedi ko’zimga termulib. - Hozir,- dedim beparvo qo’l siltab.- Tarnov qiyshayib qopti. - Shoshma, bolam, avval choyingni ichib ol... - Hozir tushaman. Shunday dedim-u narvonga tirmashdim. Tomga chiqishim bilan pastdan onamning xavotirli xitobi eshitildi: - Ehtiyot bo’l, tom labiga borma! - Uyga kirsangiz-chi! – dedim og’rinib. Tunuka tomni taraq-turuq bosib, qiyshaygan tarnov oldiga keldim. Uvallo urinaman, tarnov la’nati o’nglansa qani! Zanglab ketganmi, bo’yo’g’i yopishib qolganmi... Aksiga olib, yomg’ir shivilay boshladi. Avvaliga tomchilab turdi-da, keyin shiddat bilan yog’ib ketdi. Tom labida o’tirgancha, tarnovini qo’shqo’llab surishga urindim. Qilt etmaydi! Pastdan yana onamning ovozi keldi: - Menga qara, bolam. Narvon oldiga qaytib keldim. - Nima deysiz? - Jon bolam, mana buni kiyib olgin... Qarasam, onam bir qo’li bilan narvonni changallagancha, ikkinchi qo’lidato’n ushlab turibdi. Yupqa ro’moli, nimchasi ho’l bo’lib ketgan... Xunobim oshdi. - Hozir tushaman, dedim-ku! Men yosh bolamanmi? - Shamollab qolasan! - Obbo! Siz uyga kiravering! Hozir tushaman. Shunday deb, tag’in tarnov oldiga qaytdim. Jahl bilan tarnovni mushtlay boshladim. Bir mahal pastdan yana ovoz keldi: - Ada! Adajon! - Ha! – dedim battar xunob bo’lib. - Varragim yirtildi! Qarasam, yetti yashar o’glim hovli o’rtasida turibdi. Oyog’i ostida yirtilib, qamishlari qovurg’adek turtib chiqqan varrak loyga qo’rishib yotibdi. O’zi ko’ylakchan. Boshyalang. Yomg’ir ostida diydirab turibdi. -uyga kir, Farruh!- dedim baqirib.- Uyga kir, shamollab qolasan! Quloq solsa qani! Goh varragiga, goh menga qaraydi. Kapalagim uchib ketdi! Tomda sirg’alibsirg’alib, narvon tomon yugurdim. Uch-to’rt pillapoya tushib qarasam, onam hamon narvon oyog’ini changallab turibdi. Ro’moli jiqqa ho’l bo’lib, sochlariga yopishib qolgan… Bir qo’li Narvon oyog’ida. Bir qo’lida to’n… Inson Inson shu qadar buyukki, uning fazilatlarini o’lchash- dunyodagi eng baland tog’ning eng baland cho’qqisiga emaklab chiqish zahmati bilan teng. Inson shu qadar tubanki, uning illatlarini o’lchash- dunyodagieng baland tog’ning eng baland cho’qqisidan emaklab tushish zahmati bilan teng. “Otchopar” da “Otchopar” bozorida eski do’stimni uchratib qoldim. Matematik... Olim... Sigaret sotib o’tirgan ekan... Meni ko’rib ko’zini yashirdi. Men ham burilib ketdim… Ikkalamiz bir-birimizdan nega uyalganimizni bilmayman. Negadir.. yig’lagim keldi… Farishtalar Xonadoningizda keksa odam bormi? Baxtli ekansiz! Dunyo tashvishlaridan to’yib ketsangiz shularni ziyorat qiling: hayot abadiy emasligini o’ylab, taskin topasiz. Xonadoningizda go’dak bormi? Siz ham baxtli ekansiz... dunyo tashvishlaridanto’yib ketsangiz, go’dakni bag’ringizga bosing: hayot abadiy ekanini o’ylab, taskin topasiz... Eng oliy tuyg’u Eng toza tuyg’u nima? Birinchi maoshingizni keltirib berib, otangizning duosini olganingizmi? Birinchi marta sovg’a keltirib berganingizda onangizning ko’zida qalqigan yoshmi? Birinchi bo’sami? To’y kechasidagi hayajonlarmi? Nogahon ko’z yumgan onangizning qabrini silab yig’laganingizmi? To’ng’ich farzandingizni ilk bor maktabga yetaklab borganingizmi? Hammasi… hammasi pokiza tuyg’ular… Ammo… Bola emizib o’tirgan ayolga zimdan razm soling... go’dagiga termulib bola emizayotgan onaning ko’zlariga sinchikla-a-a-b tikiling... Eng oily tuyg’u nimaligini shunda ko’rasiz! Rost va yolg’on Haqiqatdan qo’rqqan odam yolg’onning panasiga berkinadi. Xom sut emgan banda Odam uchta narsaning qadrini doim kechikib biladi. Yoshlik. Sog’lik. Tinchlik. Gunohi- azim Do’stni ho’rlash-gunoh. Umr yo’ldoshini ho’rlash- yuz hissa gunoh. Ota-onani ho’rlash- ming hissa gunoh. Go’dakni ho’rlash- cheksiz gunoh. Qismat Inson hayoti shatranj taxtasidagi piyodaning yurishiga o’xshaydi. Goh oq katakdan o’tadi, goh qora katakdan… farqi shuki, birovning qismatida oq kataklar ko’proq bo’ladi, birovnikida- qora kataklar… Oftob Yaxshiyamki Xudo oftobni bag’rikeng qilib yaratgan. Bo’lmasa yer yuzidagi odamlarning illatlarini har kuni ko’raverib, allaqachon so’nib qolgan bo’larmidi… Orol va qit’a Insoniyat orol emas, qit’a bo’lib yashashni o’rgansa, ko’p balolarning oldi olingan bo’lardi. Baho Odam bolasi elektr simi emaski, birini musbat, birini manfiy desang… Hayot falsafasi Munkillab qolgan ammam bo’lardi. O’ta xudojo’y kampir edi. Bolaligimda oldiga o’tkazib qo’yib, bir gapni ko’p aytardi. - U quloq, bu qulog’ing bilan ham eshitib ol, bolam. Odamning u yelkasida ham, bu yelkasida ham bittadan farishta o’tiradi. O’ng yelkangdagi farishta umr bo’yi qilgan savob ishlaringni, chap yelkangdagisi gunohlaringni hisoblab boradi. U dunyoga borganingda hisob-kitob qilib ko’rishadi. Savobing ortiq bo’lsa, jannatga, gunohing ortiq bo’lsa, do’zaxga tushasan… Savodsiz kampirning sodda falsafasida qanchalik chuqur ma’no borligini endi tushunyapman. Mo’tabar zot Ayol kishiga avvalo Ona deb qarasak, hammasi joy-joyiga tushadi. Tosh va qum Toshni maydalab, qumga aylantirish uchun bir daqiqa kifoya. Ammo qumning toshga aylanishi uchun ming yil kamlik qiladi. Do’stlik ham shunga o’xshaydi. Bosh aybdor Turmush sinovlariga biz-kattalar dosh berolmasak, bolada nima gunoh? Nega bizning aybimiz uchun go’daklar yetim qolib, aziyat chekishi kerak? Donishmand Nar lochin yemish topib kelarkan. Moda lochin o’ljani polaponlariga bo’lashib berarkan. Biron falokat bo’lib, moda lochin o’lib qolsa, nar lochin har qancha yemish topib keltirmasin, baribir, polaponlar ochidan nobud bo’lar ekan. Negaki, nar lochin o’ljani bolalariga burdalab berishni eplolmas ekan… Tabiat naqadar beshafqat, tabiat naqadar dono! To’la va chala Yarim haqiqat chin bilan yolg’onning o’rtasida turadi, degan odam yanglishadi. Yarim haqiqat hamisha chindan ko’ra yolg’onga yaqinroq turadi. Zulm Odamlarni qo’rqib yashashga majbur qiladigan jamiyat- eng omonat jamiyatdir. Munofiq Onasini behurmat qilgan odam qo’shni kampirni yaxshi ko’raman desa, ishonmayman. O’z xalqining tilini, madaniyatini, tarixini hurmat qilmagan odamboshqa xalqlarningtilini,madaniyatini, tarixini hurmat qilaman, desa ishonmayman. “O’zbek ishi” Osmon baravar plan berdilar. -Bajarasan!-dedilar. -Bajarolmayman,-dedi. -Bajarasan!!- dedilar. - Bajarmayman!!-dedi. -Qamalasan!!!-dedilar. Bajardi… Bola-chaqasi ko’p edi… Orden berdilar... Planni oshirib bajargani uchun... Keyin… qamadilar… Qo’shib yozgani uchun… Bola-chaqasi ko’p edi… Nigilist Millatchilik juda xavfli illat. Milliy nigilizm esa undan ham xatarli. Millatchi qo’shnisini yomon ko’radi. Milliy nigilist esa o’zini ham yomon ko’radi! Ona tili Qancha ko’p tilni bilsangiz, shuncha yaxshi. Biroq odam ona tilida tafakkur qiladi,ona tilida tush ko’radi, ona tilida yig’laydi... o’lim oldida onasini ona tilida yo’qlaydi... O’jar Haqiqatni mayib qilish mumkin, ammo o’ldirib bo’lmaydi!
|